Boshqarma tarixi

  O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Revolyutsion Komiteti(Revkom)ning 1925 yil 17 yanvardagi qaroriga asosan Qashqadaryo viloyati tuzildi. 1927 yil mart oyidan boshlab, boshqaruv tuzumi isloh qilinib, viloyatda Okrug ijroiya qo‘mitasi tuziladi va 1938 yil aprelgacha faoliyat yuritadi. Shundan so‘ng Qashqadaryo viloyati 1938 yildan 1943 yil may oyigacha Buxoro viloyati tarkibiga qo‘shilgan. 1943-1960 yillarda yana Qashqadaryo viloyati tuziladi. 1960 yilda Surxondaryo viloyati tarkibiga kiritilgan Qashqadaryo viloyati 1964 yilda yana Qashqadaryo viloyati maqomiga ega bo‘ldi va hozir kunga qadar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

   Qashqadaryo viloyati tuzilgach Ermatov viloyat Ishchi-dehqonlar militsiyasining birinchi boshlig‘i bo‘lgan. Arxiv hujjatlaridan topilgan ma’lumotlarda 1924 yil 01 oktyabrda Qashqadaryo viloyatida jamoat tartibi hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘ram (okrug) jinoyat qidiruv xizmati tashkil etilgan. Bu xizmatning asosiy vazifasi etib, jinoyatlarni fosh etish, jinoiy guruh a’zolarini qo‘lga olish, davlat va fuqarolar mulkiga ko‘z olaytirgan shaxslarni ushlab jazolash, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashdan iborat bo‘lib, jami 15 nafar xodim faoliyat ko‘rsatgan. Tarkibda boshliq, ikkita bo‘lim boshlig‘i, bitta nozir, to‘rttadan birinchi va ikkinchi toifadagi xodim, bitta ish yurituvchi, bitta mashinkada yozadigan va bitta barmoq izlari bilan shug‘ullanadigan xodim faoliyat ko‘rsatgan. Shahrisabz, G‘uzor va Kosonda bitta yoki ikkitadan, Qarshi vokzalida bitta vakil xizmat qilgan. Keyinchalik xodimlar soni ko‘payib 36 nafarga ko‘paytirilgan.

   Viloyat ijroiya qo‘mitasining 1925 yil 7 dekabrdagi 12-sonli majlis bayonnomasiga binoan Devishev JQB boshlig‘i vazifasidan ozod etilib, uning o‘rniga Musaxonov Isomiddin viloyat militsiyasi jinoyat qidiruv bo‘limining boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlanadi. Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasining 1925 yil 30 dekabrdagi №20-sonli majlis bayonnomasiga asosan Isomiddin Musaxonov viloyat militsiyasi JQB boshlig‘i lavozimiga tayinlanadi.

   Shundan so‘ng Jinoyat qidiruv xizmati rahbarining viloyat ijroiya qo‘mitasi rayosatiga bergan yozma murojaatlaridan so‘ng xodimlari soni 36 kishiga ko‘paytiriladi. Natijada sakkizta jinoiy guruh qo‘lga olinib, kissavurlar, o‘g‘rilar, poyezd tunovchilar va boshqa turdagi jinoyatchilarning barmoq izlari va fotosuratlari olingan. Bundan tashqari xodimlar uchun umumiy yotoqxona tayyorlash, otlar bilan ta’minlash, odamlar gavjum to‘planadigan joylarga tungi qorovulxona tashkil etib, bu qorovulxonalarga telefon simlar tortish masalasi Musaxonovning tashabbusi bilan amalga oshiriladi.

  O‘sha paytlarda viloyat tarkibida Behbud (Qarshi), G‘uzor, Shahrisabz va Koson shaharlari mavjud bo‘lgan. Mirkarimov Behbud (Qarshi), Adilov Shahrisabz shaharlari militsiyasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

    Viloyat ijroiya qo‘mitasining 1926yil 15 fevraldagi №27-sonli majlis bayonnomasiga asosan vohada militsiya va JQB xodimlarining xizmat kiyimi tasdiqlanadi. Shu yil 26 martdagi №32-sonli majlis bayonnomasiga asosan viloyat sudiga militsiya kuchini jalb etish (konvoy xizmati) haqida viloyat ijroiya qo‘mitasi qaror qabul qiladi.

   Qashqadaryo viloyati militsiyasining 1926 yil 5 dekabrdagi (Behbudiy shahri) №31-buyrug‘iga asosan “Shu kundan boshlab, viloyat militsiyasi va Jinoyat qidiruv xizmati rahbariyati tarkibidan iborat navbatchilar guruhi tuzilgani, navbatchilik ertalab soat 09.00gacha bo‘lishi ko‘rsatiladi. Navbatchilar – Nazarxanov, Paramonov, Malaxov, Nazirov, Tunilin, Shashkindan iborat bo‘lgan.

  Asos: viloyat militsiyasi va JQB boshlig‘ining tavsiyanomasi.

  Viloyat militsiyasi JQB o‘rinbosari: Nazarxanov,

  Ish yurituvchi: Skvorsova

  (Qashqadaryo viloyati davlat arxivi hujjati Fond №133, OP №1,Xr №171, 151-bet).

  Viloyat Statistika byurosining Qashqadaryo viloyati jinoyat qidiruv bo‘limining 1925-1926 yillardagi shtat birligi keltirilgan.

  1. Behbudiy uyezdi JQBda jami 22 nafar xodim bo‘lib, shundan ishlayotgani 18 nafar, o‘zbek tilini biladigani 10 nafar, o‘zbek tilini bilmaydigani 8 nafar.
  2. Shahrisabz shahar JQBda jami 7 nafar xodim bo‘lib, shundan ishlayotgani 6 nafar, o‘zbek tilini biladigani 5 nafar, o‘zbek tilini bilmaydigani 1 nafar.
  3. G‘uzor shahar JQBda jami 7 nafar xodim bo‘lib, shundan ishlayotgani 6 nafar, o‘zbek tilini biladigani 5 nafar, o‘zbek tilini bilmaydigani 1 nafar.
  4. Koson shahar JQBda jami 3 nafar xodim bo‘lib, shundan ishlayotgani 3 nafar, o‘zbek tilini biladigani 3 nafar, o‘zbek tilini bilmaydigani yo‘q.

   (Qashqadaryo viloyati davlat arxivi hujjati Fond №33, OP №1,Xr №121, 20-bet.)

   Sobiq SSSR Oliy Kengashining 1943 yil 20 yanvardagi №5-buyrug‘iga binoan Buxoro viloyati tarkibidan Qashqadaryo viloyati ajratilib, Qarshi shahri uning markazi etib belgilanadi. Shahrisabz, Beshkent shaharlari, G‘uzor, Dehqonobod, Qamashi, Qarshi, Koson, Kitob, Chiroqchi, Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlari viloyat tarkibiga qayta olinadi. Qashqadaryo viloyati tashkil topgach, viloyat ichki ishlar boshqarmasiga birinchi boshliq etib Aleksey Pavlovich Samorodov tayinlangan. Mazkur vazifada u ikki yil – 1945 yilgacha faoliyat ko‘rsatgan. Shundan keyin 1946-1950 yillarda militsiya polkovnigi S.G.Shabanov, 1950-1953 yillarda ichki xizmat polkovnigi X.Bozorov, 1953-1955 yillarda militsiya polkovnigi X.Abdullayev, 1955-1957 yillarda ichki xizmat polkovnigi N.R.Hamidov, 1957-1959 yillarda ichki xizmat polkovnigi K.To‘qsonov, 1959-1960 yillarda ichki xizmat polkovnigi X.D.Davidov, 1969-1974 yillarda militsiya general-mayori G.Zokirov, keyingi yillarda militsiya polkovnigi B.Qosimjonov, militsiya podpolkovnigi O.K.Novikov, militsiya polkovnigi V.A.Kozin, militsiya polkovnigi N.A.Ismoilov, militsiya podpolkovnigi M.Bekmurodov, 1992-1994 yillarda militsiya polkovnigi Sh.Karimov, 1994-1998 yillarda militsiya polkovnigi K.Qurbonov, 1998(iyun)-2001 yillarda general-mayor R.Karimov, 2001-2003 yillarda militsiya polkovnigi A.Yulbarisov, 2003 yil (iyun)-2009 yillarda militsiya polkovnigi V.Xodjayev, 2009-2011 yillarda general-mayor A.X.Qo‘ldoshev, 2011-2013 yillarda polkovnik S.Q.Haydarov, 2013-2015 yillarda polkovnik N.A.Qurbonov va 2016 yildan Qashqadaryo viloyati IIBga boshlig‘i podpolkovnik D.T.Tursunbayev rahbarlik qilmoqda.





Sayt materiallaridan foydalanganda Qashqadaryo
viloyati Ichki Ishlar veb saytiga manba
sifatida ko‘rsatilishi shart.

Obuna bo'lish

Sayt yangiliklaridan birinchilardan bo'lib xabardor bo'lish uchun sayt yangiliklariga obuna bo'ling