Ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilishda tanlovlarni o‘tkazish tartibi

Ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilishda

tanlovlarni o‘tkazish tartibi

O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi PQ–3413-sonli “Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida fuqarolarni ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilish va o‘tkazish tartibi, ayrim toifadagi nomzodlarga imtiyoz va ustunliklar berish tartibi belgilab qo‘yilgan.

-O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari xizmatga ixtiyoriy ravishda mavjud bo‘sh lavozimlardan kelib chiqqan holda belgilangan ketma-ketlikda tanlov asosida qabul qilinadi.

-Tanlovning asosiy maqsadi nomzodning ma’lumoti, shaxsiy va ishchanlik sifati, sog‘lig‘ining holati va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha ichki ishlar organi xodimi xizmat majburiyatlarini bajarishga qodirlik darajasini o‘rganishdan iborat.

-Ichki ishlar organlari xizmatiga xalq manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yadigan, benuqson obro‘-e’tiborga, o‘z shaxsiy fazilatlari, axloqi, xulq-atvori va madaniyat darajasi bilan boshqalarga namuna bo‘la oladigan, irodali, ruhan va jismonan sog‘lom, huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lmagan, jinoyatga qo‘l urmagan, qat’iy tartib-intizomga rioya etuvchi, shaxsiy javobgarlikni his qiladigan, o‘z xalqi oldidagi burchlarini to‘la-to‘kis anglaydigan, qat’iyatli, fidoyi, vatanparvar, fuqarolar qabul qilinadi.

-O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan xizmatga qabul qilish vakolati berilgan rahbarlarning buyrug‘iga muvofiq, tegishli ichki ishlar organlarida tanlovlarni o‘tkazish bo‘yicha qabul komissiyalari tuziladi. Ichki ishlar organlarining hududiy va mustaqil tarkibiy bo‘linmalari boshliqlari qabul komissiyalariga rais, ularning kadrlar bo‘yicha o‘rinbosarlari esa, qabul komissiyalari raisi o‘rinbosari hisoblanadi. Qabul komissiyalari tarkibiga tegishli sohaviy xizmatlar, o‘z xavfsizligi va yuridik ta’minlash bo‘linmalari rahbarlari hamda jamoat tashkilotlari (Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi va ularning hududiy bo‘linmalari) vakillari kiritiladi.

-Qabul komissiyasi raisi komissiya faoliyatiga rahbarlik qiladi va kichik komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.

-Qabul komissiyasi ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilish tanlovi davomida belgilangan tartibni buzgan yoki qabul komissiyasi faoliyatiga oshkora yoki boshqacha tarzda to‘sqinlik qilgan nomzodni tanlovning istalgan bosqichida chetlatish huquqiga ega.

-Xizmatga 165 santimetrdan past bo‘lmagan erkaklar va 160 santimetrdan past bo‘lmagan ayollar qabul qilinadi.

-Xizmatga tanlov asosida, ixtiyoriy tartibda yoshi o‘n sakkizdan kichik 
va o‘ttizdan katta bo‘lmagan, shu jumladan o‘ttiz yoshdagi ham,
 tegishli ma’lumotga ega, shaxsiy va ishchanlik sifatlari, sog‘lig‘ining holati va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha xodimning xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lgan, umumiy va maxsus talablarga mos keluvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.

-Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan kasalligi yoki jismoniy nuqsonlari bo‘lgan, boshqa davlat organlaridan salbiy sabablarga ko‘ra bo‘shatilgan, shuningdek, sodir etgan jinoyati uchun muqaddam sudlangan (qo‘llanilgan jazo turidan, sudlanganlik holati tugallangan yoki olib tashlangan va amnistiya akti qo‘llanilgandan qat’i nazar) fuqarolar xizmatga qabul qilinishi mumkin emas.

 

Ichki ishlar organlarida tanlovlarni tashkil etish 
tartibi va metodikasi

 

-Ichki ishlar organlari xizmatiga kirish istagini bildirib murojaat qilgan fuqarolar bilan tanlovga qo‘yilishidan oldin qabul komissiyasi tomonidan hujjatlarni rasmiylashtirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish hamda xizmatga qabul qilish tartibi to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib boriladi.

 

Xizmatga qabul qilish dastlabki va yakuniy tanlovlar asosida amalga oshiriladi.

-Tanlovlar nomzodning xohishiga ko‘ra davlat, qoraqalpoq yoki rus tillarida o‘tkaziladi.

Tanlov quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi

-dastlabki tanlov – dastlabki suhbat, psixologik test, umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;

-yakuniy tanlov – yakka tartibda suhbat.

 

  • Dastlabki tanlov

 

Dastlabki suhbat o‘tkazish tartibi

-Dastlabki suhbat nomzodni qabul qilish rejalashtirilgan sohaviy xizmat rahbari tomonidan o‘tkaziladi.

-Suhbat davomida sohaviy xizmat rahbari nomzodning shaxsiy hujjatlari (fuqarolik pasporti, harbiy guvohnomasi, mehnat daftarchasi va boshqalar) bilan tanishib chiqish bilan birga uni qonun hujjatlariga ko‘ra ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilish uchun belgilangan umumiy talablarga to‘g‘ri kelishini o‘rganadi hamda nomzodga xizmatni o‘tash tartibi va qoidalari haqida tushunchalar beradi.

-Sohaviy xizmat rahbari tomonidan dastlabki suhbat yakuni bo‘yicha suhbat varaqasi to‘ldiriladi.

-Dastlabki suhbat yakuniga ko‘ra ichki ishlar organlari xizmatiga tavsiya etilgan nomzodlar o‘rnatilgan tartibdagi tanlovning keyingi bosqichi (psixologik test)ga o‘tkaziladi.

Psixologik test o‘tkazish tartibi

 

-Psixologik test qabul komissiyasi tarkibiga kiritilgan psixologlar tomonidan (kichik komissiya) nomzodlarni psixologik test sinovidan o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

- Psixologik testlar nomzodlarning quyidagi psixologik xususiyatlarini aniqlashga yo‘naltiriladi:

aql-zakovati, umumiy intellektual salohiyati va xotirasi;

mantiqiy fikrlashi, ziyrakligi, tafakkur shakllarining rivojlanganlik darajasi, fikrlash tezligi va tahlil qilish qobiliyatlari;

shaxsiga xos individual xususiyatlari, kirishimliligi, psixik turg‘unligi, samimiyligi;

kasbni tanlashining maqsadi va maqsadining barqarorligi.

-Psixologik test boshlangunga qadar nomzodning sog‘lig‘i surishtiriladi. O‘zini yomon his qilayotganidan shikoyat qilgan nomzodlar o‘rganishga qo‘yilmaydi. Bunday holatda dalolatnoma tuziladi va unga keyingi psixologik o‘rganishdan o‘tish uchun ruxsat beriladi.

-Psixologik test sinovlari o‘tkaziladigan xonaga mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari olib kirish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.

-Psixologik sinov natijalari bo‘yicha nomzod ichki ishlar organlari xizmatiga tavsiya etiladi yoki tavsiya etilmaydi degan mazmundagi tavsiyaviy xulosalar chiqariladi.

-Psixologik test natijalariga ko‘ra ichki ishlar organlari xizmatiga tavsiya etilgan nomzodlar tanlovning keyingi bosqichiga o‘tkaziladi.

Jismoniy tayyorgarlik sinovlari o‘tkazish tartibi

-Nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarligi darajasini baholash qabul komissiyasi tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan (kichik komissiya) o‘tkaziladi.

-Nomzodlar jismoniy tayyorgarlik sinovlariga sport kiyimida hamda propiska joyi bo‘yicha belgilangan namunadagi sog‘lig‘ining holati haqida ma’lumotnoma (bo‘y parametri ko‘rsatilgan holda) bilan kelishi lozim.

 

-Nomzod yigitlar uch tur bo‘yicha mashqlarni bajaradi hamda quyidagi ko‘rsatilgan ketma-ketlikda topshiradi:

 

Nomzod yigitlar uchun:

 

1. sport to‘sinida (turnikda) tortilish;

“a’lo” – 15 marotaba va undan ko‘p tortilganda;

“yaxshi” – 13–14 marotaba tortilganda;

“qoniqarli” – 11–12 marotaba tortilganda;

“qoniqarsiz” – 1–10 marotaba tortilganda yoxud umuman tortila olmaganda.

2. 100 metrga yugurish;

“a’lo” – 13,2 soniya ichida bajarganda;

“yaxshi” – 13,3– 14,0 soniyada bajarganda;

“qoniqarli” – 14,0– 14,7 soniyada bajarganda;

“qoniqarsiz” – 14,8 soniyada va undan ko‘p vaqtda bajarganda.

 

3. 3000 metrga yugurish.

“a’lo” – 12,00 daqiqa ichida bajarganda;

“yaxshi” – 12,20 –12,45 daqiqada bajarganda;

“qoniqarli” – 13,0– 13,35 daqiqagada bajarganda;

“qoniqarsiz” – 13,36 daqiqadan ko‘p vaqtda bajarganda.

 

Nomzod qizlar uchun:

 

  • Kuch ishlatish mashqlari;
  • 100 metrga yugurish;

-Kuch ishlatish mashqlari kompleksini bajarishda bir daqiqada ikkita mashq

uzluksiz bajariladi.

-Har bir mashqni bajarish uchun 30 soniya vaqt ajratiladi.

Kuch ishlatish mashqlari kompleksini nomzod qizlar kamida:

38 marotaba va undan ko‘p bajarganda –“a’lo”;

3734 marotaba bajarganda–“yaxshi”;

3330 marotaba bajarganda–“qoniqarli”;

29-marotaba bajarganda yoxud umuman bajara olmaganda

“qoniqarsiz” deb baholanadi.

“a’lo” – 16,2 soniya ichida bajarganda;

“yaxshi” – 16,3– 16,8 soniyada bajarganda;

“qoniqarli” – 16,9 – 17,3 soniyada bajarganda;

“qoniqarsiz” – 17,4 soniyada va undan ko‘p vaqtda bajarganda.

 

3. 1000 metrga yugurish.

 

“a’lo” – 4,00 daqiqa ichida bajarganda;

“yaxshi” – 4,05– 4,15 daqiqada bajarganda;

“qoniqarli” – 4,20–4,35 daqiqada bajarganda;

“qoniqarsiz” – 4,36 daqiqadan ko‘p vaqtda bajarganda.

 

-Nomzod umumjismoniy tayyorgarlik mashqlarini kamida ikkitasini “qoniqarli” baholarga bajargan taqdirda, umumjismoniy tayyorgarlik sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan deb hisoblanadi.

-Dastlabki tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarning shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlari (Anketa-ma’lumotnoma, tarjimai hol va yaqin qarindoshlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va boshqa me’yoriy xujjatlar. Bunda ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun nomzod shaxsan javobgar bo‘ladi) ichki ishlar organlarining kadrlar bo‘linmalari tomonidan mavjud bo‘sh lavozimlar sonidan kelib chiqqan holda nomzodlarning ketma-ketligi asosida amalga oshiriladi. Nomzodning tegishli hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilganidan so‘ng, unga xizmatga yaroqlilik darajasini aniqlash maqsadida harbiy-tibbiy komissiyaga yo‘llanma beriladi.

-Harbiy-tibbiy komissiya nomzodning harbiy xizmatga yaroqlilik darajasi haqida qaror qabul qiladi.

-Shaxsiy hujjatlar yig‘majildi to‘liq rasmiylashtirilib, harbiy-tibbiy komissiya tomonidan xizmatga yaroqli deb topilgan nomzod yakuniy tanlovga qo‘yiladi.

-Nomzodning shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlarini rasmiylashtirish davomida xizmatga qabul qilinishiga to‘sqinlik qiluvchi ma’lumotlar (xizmatga qabul qilish uchun umumiy va maxsus talablarga mos kelmaslik) aniqlangan taqdirda, uni shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlarini rasmiylashtirish to‘xtatilib, xizmatga qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida vakolatli rahbar tomonidan qaror qabul qilinadi, bu haqda nomzodga xabar beriladi.

  • Yakuniy tanlov

-Yakuniy tanlov yakka tartibdagi suhbat asosida qabul komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.

-Umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash hamda yakka tartibda suhbat o‘tkazish jarayoni video tasvirga olib boriladi.

-Tanlovda ishtirok etadigan nomzodlarning soni cheklanmaydi. Yakuniy tanlovda, qoida tariqasida, bir lavozimga kamida ikkita nomzod ishtirok etishi shart.

-Dastlabki tanlov sinovlarining biridan yoki yakuniy tanlovdan o‘ta olmagan nomzod uni dastlabki tanlov boshlangan kundan e’tiboran o‘n ikki oy ichida har birini bir marotabadan takroran topshirishi mumkin.

-Yakuniy tanlov nomzod bilan yakka tartibdagi yakuniy suhbat shaklida komissiya tarkibida o‘tkazilib, suhbat davomida uning aqliy salohiyati, xizmat o‘tashga ruhan tayyorligi, kirishimliligi, shuningdek xodim uchun zarur bo‘lgan boshqa 
ma’naviy-axloqiy va kasbiy jihatdan muhim xislatlarini baholash maqsadida og‘zaki savol-javob tarzida o‘tkaziladi.

-Nomzodlarga yakka tartibdagi yakuniy suhbat o‘tkaziladigan auditoriyaga o‘zlari bilan suhbat davomida foydalanish imkonini beruvchi buyumlar, jumladan kitoblar, uyali telefon, axborot-kommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirish taqiqlanadi.

-Nomzod yakuniy suhbatga fuqarolik pasportining asl nusxasi bilan kelishi shart.

Nomzodlar suhbatga alifbo tartibida tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha yakka tartibda kiritiladi.

-Qabul komissiyasi a’zolariga mas’ul kotib tomonidan yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan o‘tkazilayotgan nomzod haqidagi ma’lumotlar taqdim etiladi.

-Komissiya a’zolari tomonidan har bir nomzodga jami 10 ta savol berilib, har bir savolga javob berish uchun 1 daqiqagacha vaqt ajratiladi.

-Nomzodning har bir savolga bergan javobi eshitilgandan so‘ng, savol bergan komissiya a’zosi tomonidan berilgan javobning darajasiga qarab 100 ballik tizimda baholanadi, qo‘yilgan ball nomzodga e’lon qilinadi

-Nomzod bilan o‘tkazilgan og‘zaki savol-javob yakunida qabul komissiyasining har bir a’zosi tomonidan nomzodga qo‘yilgan barcha ballar mas’ul kotib tomonidan umumlashtirilib, berilgan o‘nta savol soniga bo‘linadi va nomzodning jami to‘plagan bali aniqlanadi hamda umumiy natijasi nomzodga e’lon qilinib, auditoriyadan chiqishiga ruxsat beriladi.

-Nomzodlarning javoblari quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

a) «A’lo» 86–100 ball uchun nomzodning bilim darajasi quyidagilarga javob berishi lozim:

savolning mazmun va mohiyatini to‘la ochib berish;

javobni mantiqiy ketma-ketlikda izchil ifodalash;

savolni yoritishda mustaqil va ijodiy fikrlash;

savolni yoritishda ishonchli dalillar yoki normativ hujjatlarga murojaat qilish.

b) «Yaxshi» 71–85 ball uchun nomzodning bilim darajasi quyidagilarga javob berishi lozim:

savolning mazmun va mohiyatini qisman ochib berish;

javobning mantiqiy ketma-ketligi va izchilligi qisman buzilgan holda ifodalash;

savolni yoritishda ishonchli dalillar yoki normativ hujjatlarga qisman murojaat qilish.

v) «Qoniqarli» 55–70 ball uchun nomzodning bilim darajasi quyidagilarga javob berishi lozim:

savolning mazmun va mohiyatini xatolarga yo‘l qo‘ygan holda qisman ochib berish;

javobning mantiqiy ketma-ketligi va izchilligi buzilgan holda ifodalash;

savolni yoritishda ishonchli dalillar yoki normativ hujjatlarga murojaat qilmaslik.

g) «Qoniqarsiz»0-54 ball bilan nomzod savolning mazmun va mohiyati haqida aniq tasavvurga ega bo‘lmagan va savolning javobini bilmagan hollarda baholanishi mumkin.

-Barcha nomzodlar yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan o‘tib bo‘lgach, ularning natijalari umumlashtirilib, eng yuqori ball to‘plagan nomzodlarga qabul kvotasiga muvofiq xizmatga kasbiy jihatdan yaroqliligi to‘g‘risida chiqarilgan xulosa komissiya a’zolari, tanlovda qatnashgan barcha nomzodlar ishtirokida qabul komissiya raisi tomonidan e’lon qilinadi.

-Qabul chegarasida bir nechta nomzod bir hil natija ko‘rsatganda, shu nomzodlarga qabul komissiyasi tomonidan har biriga uchtadan savol beriladi hamda belgilangan tartibda eng yuqori ball to‘plagan nomzodga xizmatga kasbiy jihatdan yaroqliligi to‘g‘risida xulosa chiqariladi.

-Yakuniy tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar ichki ishlar organlari qabul komissiyasining yakuniy qaroriga asosan boshliqning buyrug‘i bilan lavozimga tayinlanadi.

 

Ayrim toifadagi nomzodlarga imtiyoz va ustunliklar

berish tartibi

-O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari bitiruvchilari O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnika instituti, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi yoki Yong‘in xavfsizligi institutiga kirolmagan taqdirda, muddatli yoki safarbarlik chaqiruv rezervida harbiy xizmatni o‘taganidan so‘ng, dastlabki tanlovlarsiz shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan va harbiy-tibbiy komissiya tomonidan xizmatga yaroqli deb topilgan taqdirda yakuniy tanlov asosida xizmatga qabul qilinadi.

Tor mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan nomzodlar (moliya, tibbiyot, arxitektura va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha) 35 yoshgacha Ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilinadi.

Xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilarining farzandlari dastlabki tanlovdan ijobiy o‘tgan, shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan va harbiy-tibbiy komissiya tomonidan xizmatga yaroqli deb topilgan taqdirda yakuniy tanlovsiz ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilinadi.

-Quyidagilar dastlabki tanlovlarning dastlabki suhbat va psixologik test bosqichidan o‘tib, shaxsiy hujjatlar yig‘majildlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan va harbiy-tibbiy komissiya tomonidan xizmatga yaroqli deb topilgan taqdirda yakuniy tanlovsiz ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilinadi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993 yil 5 fevraldagi PF-555-son “O‘zbekistonning o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida” Farmoniga va Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi 226-son “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblari;

ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega bo‘lgan nomzodlar;

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari tarkibi lavozimlariga, shuningdek yuridik ta’minlash bo‘linmalaridagi lavozimlarga nomzodlar.

Qashqadaryo viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi





Sayt materiallaridan foydalanganda Qashqadaryo
viloyati Ichki Ishlar veb saytiga manba
sifatida ko‘rsatilishi shart.

Obuna bo'lish

Sayt yangiliklaridan birinchilardan bo'lib xabardor bo'lish uchun sayt yangiliklariga obuna bo'ling